Voronejda ham favqulodda holat rejimi joriy etildi
Olam
−
01 Oktabr
12124Rossiyaning Voronej viloyatida qurg‘oqchilik sababli favqulodda holat rejimi joriy etildi. Tegishli farmonni kecha, 30 sentyabr kuni viloyat gubernatori imzolagan. Bu haqda “Vesti Voronej” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Rossiyaning beshta yirik g‘alla yetishtiruvchi hududlaridan biri bo‘lgan, shuningdek, qand lavlagi yetishtiruvchi yirik viloyatlaridan biri hisoblanuvchi Voronej viloyatida atmosfera va tuproq qurg‘oqchiligi tufayli favqulodda holat e’lon qilingan.
Nashrning yozishicha, iyul oyi boshida viloyat uchun 2024 yilda 4,5-5 million tonna g‘alla va dukkakli ekinlar yig‘ib olish mo‘ljallangan. Biroq, bu yilgi sovuq ob-havo tufayli viloyatda qariyb 1,5 million tonna kuzgi bug‘doy nobud bo‘lmoqda. Shuningdek, namlikning yetishmasligi 2025 yil hosili uchun kuzgi ekish vaqtini sezilarli darajada o‘zgartirishga olib kelgan.
Favqulodda holat fermerlarga sug‘urta tovonini olish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ariza berish imkoniyatini yaratadi. Uning qachongacha davom etishi noma’lum.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda viloyat o‘z tarixidagi eng yuqori hajmdagi hosilni – 6,3 million tonna g‘alla va dukkakli ekinlar yig‘ib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida o‘rim-yig‘im mavsumida qayd etilgan anomal yog‘ingarchilik tufayli favqulodda holat rejimi joriy etilgan edi.
LiveBarchasi