Vorisova saylovoldi tibbiyot haqida jon kuydirib qoldi

Tahlil

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova bugungi kunda tibbiyot oldida turgan muammolar, viloyatlar, chekka hududlarda tibbiyot xodimlari yetishmasligi, borlarining maoshi ozligini aytib chiqdi. 

“Fuqarolarning o‘z hayot sharoitlaridan roziligini belgilovchi muhim mezon – ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifati va samaradorligidadir. Buning uchun esa tizim yetarli darajada kadrlar bilan ta’minlanishi zarur. Qulay binolar, zamonaviy asbob-uskunalar bor tibbiy muassasalarda malakali xodimlar ishlamasa, tibbiy xizmatdan odamlarni rozi qilish imkonsizdir.
Respublikamiz viloyat va tumanlarida shifokorlar bilan ta’minlanish darajasi o‘rganilganda, jiddiy yetishmovchiliklar mavjudligi yuzaga chiqdi.
2018 yil hisobotlariga asosan respublikamiz bo‘yicha mavjud vrachlik ish o‘rinlarining 12 foizi vakant holatda bo‘lsa, Surxondaryoda bu ko‘rsatkich 23,7 foizni, Sirdaryo viloyati bo‘yicha 21,5 foizni, Jizzax viloyati bo‘yicha 20 foizdan ortiqroqni tashkil etadi.
Agar tumanlar kesimida ko‘rilsa, yanada jiddiyroq raqamlarga duch kelamiz. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida 33 foiz, Jizzax viloyatining Baxmal va Mirzacho‘l tumanlarida 36 foiz, Yangiobod tumanida 57 foiz, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida 40 foiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 59 foiz, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 33 foiz, Sayxunobodda 36 foiz, Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 45 foiz, Qiziriq tumanida 41 foiz, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 38 foiz, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 43 foiz vrach ish o‘rinlari bo‘sh ekan.
Bu raqamlar kishini chuqur o‘yga toldiradi, jiddiy xavotirga soladi”, deydi senator.

Vorisovaga ko‘ra, har bir viloyatda shifokorlarga ehtiyoj mavjud. Vakant ish o‘rinlarining asosiy qismini ambulator poliklinika muassasalari tashkil etadi. Oqibatda tumanlardagi muassasalarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar bir necha mutaxassis vazifasini bajarishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa tibbiy xizmat sifatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Senator fikrlarini davom ettirarkan, shifokorlarga nisbatan noroziliklarga to‘xtaldi: 

“Joylarda aholining shifokorlardan noroziligi oshib borayotgani, bemorlarning yaqinlari va shifokorlar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqayotgani bo‘yicha misollar oz emas. Bunday ko‘ngilsiz voqealarning tub sabablaridan biri joylarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kattaligi, kam sonli shifokorlarga ish yuklamasining yillar davomida yuqori bo‘lib qolayotgani bilan ham bog‘liq emasmikin?
Bunday vaziyatda shifokorlarga Gippokrat qasami ichganligini ta’kidlash yoki ularga jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilish holatni yaxshilamaydi”, deydi Vorisova.

Senatorning kuyib-pishib bildirgan fikrlari boisi uning maqolasi oxirrog‘ida ayon bo‘ladi. Ma’lumki, joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rinib turibdiki, Vorisova partiya manfaatlari va dasturini o‘rtaga qo‘yib, otni qamchilagan. U maqolada uni qilishimiz kerak, buni qilishimiz kerak, deydi ammo qilamiz, bajaramiz, ishonchni oqlaymiz, demaydi. 

“Xalq demokratik partiyasi ushbu o‘tkir muammoni tizimli hal qilishni endi orqaga surib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Qishloq joylardagi tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash, buning uchun ularga uy-joy berish, boshqa qulaylik va imtiyozlar joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi kerak”.

Vorisovaga ko‘ra, shifokorlar yetishmaydigan tumanlarda ushbu lavozimni yosh mutaxassislar uchun jozibador qilish choralarini ko‘rish vaqti keldi. Oliy tibbiy o‘quv yurtlarini bitirgan mutaxassislar maoshi hali 900 ming so‘m atrofidaligini inobatga olsak, ularga mahalliy byudjet hisobidan imtiyozlar berilishi muammoni yechishga yordam berishi mumkin. Masalan, vrachlar o‘tkir yetishmaydigan tumanlarda ustama haq belgilanishi, uy-joylarning birlamchi to‘lovsiz imtiyozli kreditga berilishi kabi yengilliklar kadrlar tanqisligini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Vorisovaning fikricha, tuman, shahar hokimlarining tavsiyalari asosida mahalliy yoshlarni tibbiyot oliygohlarida o‘qishini tashkil etish orqali muammolarni hal etishga erishish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasi

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing