Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi
Jamiyat
−
24 fevral 1646 2 daqiqa
Yoshlar ishlari agentligida Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va yoshlar uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, bugun dunyo aholisining 10 foizdan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda volontyorlik faoliyatining huquqiy asosini yaratilgani, Volontyorlar maktabi, oliygohlarda markazlar tashkil qilinganining hisobiga O‘zbekistonda ham bunday yoshlar 5 karra ko‘paygan.
Ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshgan.
Mana shunday tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari, faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etilgan.
Yoshlar ishlari agentligida Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi. Ushbu jamg‘armaga har yili byudjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy byudjetdan 3 milliard so‘mdan ajratadi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi. Ko‘ngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtirokiga qarab, ball berib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda endi olis hududlardagi o‘quv markazlari o‘qituvchilari uchun daromad solig‘i 7,5 foiz bo‘lishi haqida ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi