Volkan Ozdemir o‘zbekistonlik UFC jangchisini o‘zi uchun tuzoq deb atadi
Sport
−
30 avgust 2023
8639Shveysariyalik UFC jangchisi Volkan Ozdemir O‘zbekiston vakili Bogdan Guskovga qarshi jangni o‘zi uchun tuzoq deb atadi. Bu haqda u “Just Scrap Radio”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Top-15 da men bilan jang qila oladigan hech kim yo‘q edi, shuning uchun, agar men bu turnirda ishtirok etishni xohlasam, debyutant bilan jang qilishim kerakligini aytishdi. Albatta men bundan xafa bo‘ldim. Bunday janglar men uchun ham tuzoq, ham sovg‘a bo‘lishi mumkin”, deydi Volkan Ozdemir.
U mazkur jangda o‘zbekistonlik sportchining imkoniyatlarini past baholagan holda uni osonlik bilan mag‘lub etib, muxlislarini xursand qilish istagida ekanini bildirgan.
“Men bu yigitning oktagonda yotishini va referi qo‘limni baland ko‘tarishini xohlayman. Muxlislarim va xalqim bo‘ladigan Parijda g‘alaba qozonish men uchun muhim. Bu jangni intiqlik bilan kutyapman”, deydi sportchi.
Ma’lumot uchun, Bogdan Guskov professional faoliyati davomida 16 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 14 tasida g‘alabaga erishgan va 2 ta bahsda raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Uning shveysariyalik raqibi Volkan Ozdemir esa bunga qadar 25 ta jangda ishtirok etib, 18 tasida yutgan va 7 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan.
Eslatib o‘tamiz, Bogdan Guskov va Volkan Ozdemir o‘rtasidagi jang joriy yilning 2 sentyabr kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida – UFC Fight Night turniri doirasida tashkil etiladi.
LiveBarchasi