Bogdan Guskov UFC turnirining asosiy kardida jang qiladi
Sport
−
09 avgust 2023
2998Joriy yilning 2 sentyabr kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida UFC Fight Night turniri bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada o‘zbekistonlik jangchi Bogdan Guskov ham ishtirok etadi.
O‘sha kuni Guskovga UFC reytingida to‘qqizinchi o‘rinda borayotgan Shveysariya vakili Volkan Ozdemir raqiblik qiladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv musobaqaning asosiy kardi doirasida o‘tkaziladi.
Mazkur turnirning markaziy jangida fransiyalik Siril Gan va Moldova vakili Sergey Spivak o‘zaro bahs olib boradi. O‘zbekistonlik sportchining jangi esa UFC'dagi debyut maqomiga egaligiga qaramay, kechaning 3-darajali to‘qnashuvi bo‘lishi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Bogdan Guskov professional faoliyati davomida 16 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 14 tasida g‘alabaga erishgan va 2 ta bahsda raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Uning shveysariyalik raqibi Volkan Ozdemir esa bunga qadar 25 ta jangda ishtirok etib, 18 tasida yutgan va 7 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bogdan Guskov rossiyalik Azamat Murzakonovning jangdan hech qanday sabab ko‘rsatmagan holda bosh tortgani sababli uning o‘rniga zaxira jangchi sifatida Volkan Ozdemir bilan jang qilishi haqida xabar berilgan edi.