Virus uy hayvonlaridan yuqmasa, SSV nega ogohlantiruvchi SMS yubormoqda? Almatov izoh berdi

Jamiyat

image

Ommaviy axborot vositalari orqali koronavirus jonivorlarda, xususan, mushuklarda aniqlangani, ammo ular orqali insonlarga yuqish ehtimoliy deyarli yo‘qligi haqida xabarlar berilgach, turli mish-mish va fikrlarga qorishiq gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Mushuklardan odamlarga koronavirus yuqarkan, uyda hayvon boqib bo‘lmas ekan va shunga o‘xshash gaplar shular jumlasidandir.

Avvaliga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi ma’lumotlarni rad etdi va asossiz ekanligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, vazirlik tomonidan uyali aloqa vositalariga "uy hayvonlariga qo‘lqop bilan tegining" mazmunidagi SMS-xabarnomalar kela boshladi. 

Bugun, 13 aprel kuni AOKA shtabida o‘tgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

"Ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi tabiiy manba — ko‘rshapalaklar. Ko‘rshapalaklarning koronavirus tashuvchi turi bizning hududlarimizda yashamaydi. Odamlarimiz ham ko‘rshapalaklar bilan muloqotda bo‘lmaydi.

Lekin shuni yodda tutishimiz kerakki, uy hayvonlari ham o‘rtadagi vositachi bo‘lib qolishi mumkin. Qolaversa, uy hayvonlaridan juda ko‘p kasalliklar — exinokokk, parazitar va gijja kasallilkari, yesinos va yuqumli ichak kasalliklari ham yuqishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, yuborilgan SMS lar shaxsiy gigiyena qonun-qoidalariga rioya etilgan holda yashash tarzini o‘z hayotida joriy qilish bo‘yicha berilgan tavsiya edi”, dedi  Bahrom Almatov.

Direktorning ta’kidlashicha, hozirgi karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, sotish bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati vaqtinchalik to‘xatilgan.

“Karantin davomida mana shu oshxonalarda yashab yurgan, qoldiq ovqatlar bilan ovqatlanib yurgan uy hayvonlari ham ko‘chaga chiqib ketdi.

Aholi punktlarida uy hayvonlari, daydi hayvonlar, jumladan, it va mushuklarning ko‘payish holatlari uchramoqda.

Aholi yashash punktlaridagi epidemiologik vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ya’ni aholimizning sog‘ligini saqlash ko‘p jihatdan fuqrolarimizning o‘ziga bog‘liq”, dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing