Vinisiusning uyi yondi
Sport
−
10 Oktabr 3588 1 daqiqa
Kecha, 9 oktyabr kuni Ispaniya poytaxti Madrid yaqinidagi Alkobendas shahrining La Moralexa turarjoy hududida joylashgan “Real Madrid” futbolchisi Vinisius Juniorning uyida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, yong‘in elektr nosozligi sababli futbolchining uy yerto‘lasida joylashgan saunada boshlangan. Sauna butunlay yonib ketgan, tutun esa zinapoya orqali yuqori qavatlarga tarqalib, uyning ikki qavatiga zarar yetkazgan.
Voqea vaqtida Vinisius uyda bo‘lmagan. U Braziliya terma jamoasi safida 10 va 14 oktyabr kunlari Janubiy Koreya hamda Yaponiyaga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
Favqulodda holatlar xizmatiga qo‘ng‘iroq mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida kelib tushgan. Hodisa joyiga Madrid yong‘in brigadasining ikki bo‘linmasi yetib kelib, mahalliy politsiya bilan birgalikda tezkorlik bilan olovni nazorat ostiga olgan. Ularning muvofiqlashtirilgan harakatlari yong‘inning kengroq tarqalishiga yo‘l qo‘ymagan.
Taxminan bir soat ichida yong‘in to‘liq o‘chirilgan va bino ventilyatsiya qilingan. Hech kim jarohat olmagan, tutundan zaharlanish holatlari ham qayd etilmagan.
Mutaxassislar hozirda yong‘inning to‘liq sabablari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Vinisius joriy mavsumda “Real Madrid” bilan 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 4 ta assistni o‘z nomiga yozdirib qo‘ygan.
Live
Barchasi