“Vinera Tower” Toshkentda 6 tup daraxtni nobud qildi
Jamiyat
−
23 noyabr 2022
5109Toshkentdagi sobiq Bobur, hozirgi “Do‘stlik” bog‘i yaqinida Qonunga zid ravishda 6 tup qimmatbaho va kam qimmatli daraxtlar ruxsatnomasiz, boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgan. Daraxtlar nobud bo‘lishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 218 mln zarar yetkazilgan. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yarim tunda ekologiya qo‘mitasiga Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi “Do‘stlik” bog‘i yaqinidagi qurilish ob’ektida daraxtlar kesilgani yuzasidan ma’lumot kelib tushgan. Aniqlanishicha, daraxtlar 2 oy avval qurilish hududida 22 tub daraxt borligi va ularni ruxsatsiz kesmaslik bilan ogohlantirilgan "Vinera Tower" MCHJ tomonidan nobud qilingan.
“Joriy yilning 27 sentyabr kuni Yakkasaroy tumani ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan qurilish hududida xatlov o‘tkazilgan va qurilish hududida 22 tup ko‘p yillik daraxtlar mavjudligi aniqlangan. Mutaxassislar tomonidan daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha qurilish tashkilotiga majburiy ko‘rsatma berilgan.
Shunga qaramasdan MCHJ tomonidan 2022 yilning 21 noyabr kuni 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli bo‘lgan jami 6 tup daraxt tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgani oqibatida daraxtlar nobud bo‘lgan.
Shuningdek, qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazilgani aniqlandi. Hozirda qurilish ishlari boshlangan hududda 16 tup manzarali daraxtlar mavjud.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga 218 mln 370 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. To‘plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi”, deyiladi ekologiya qo‘mitasi ma’lumotida.
Daraxtlarning noqonuniy kesilishi O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 32, 37-moddalari talabini buzish hisoblanadi. Qonun talabiga ko‘ra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik me’yoriy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish ob’ekti Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olmagan holda qurilish ishlarini boshlagan.
Ekologiya qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha "Vinera Tower" MCHJ “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun talabini birinchi marta buzayotgani yo‘q. 2022 yilning 23 mart kuni MCHJ hududdagi 6 tup daraxtni noqonuniy kesgani o‘simlik dunyosiga 430 mln 515 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan. Holat Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim qilingan va yetkazilgan zararni undirish uchun 2022 yilning 16 sentyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan.
LiveBarchasi