Vindzor qasrida qo‘lga olingan yigit Yelizaveta II ni o‘ldirmoqchi bo‘lgani aytildi 

Olam

image

Avvalroq, Buyuk Britaniyada politsiya qirolicha Yelizaveta II va uning oilasi Rojdestvo bayramini nishonlayotgan Vindzor qasri hududiga kirgan qurolli yigitni qo‘lga olgani haqida xabar bergandik.  

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yigit qo‘lga olinishidan oldin do‘stlariga qo‘lida arbalet bilan video jo‘natib, Britaniya mustamlakachi qo‘shinlari tomonidan 1919 yilda Hindistonda sodir etilgan Amritsar qirg‘ini uchun qasos olish maqsadida “qirolicha Yelizaveta II ni o‘ldirish” niyatini e’lon qilgan. Bu haqda “The Sun” gazetasi xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, qo‘lga olingan shaxsning ruhiy holati tekshirilgandan so‘ng u tibbiyot xodimlari qaramog‘iga o‘tkazilgan. 

Gazetaning yozishicha, politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olishidan 24 daqiqa oldin u o‘zining Snapchat’dagi akkauntidan do‘stlariga niqob taqqan, qo‘lida arbalet ushlagan holda video jo‘natgan. U videoda ovozini o‘zgartirgan holda gapirgan: 

“Afsus. Men qilgan va qilmoqchi bo‘lgan ishlarim uchun kechirim so‘rayman. Men qirolicha Yelizavetani o‘ldirishga harakat qilaman”, degan u. 

Videoda u shuningdek, o‘z harakati 1919 yilda Amritsar qirg‘ini paytida halok bo‘lganlar uchun qasos ekanini ta’kidlagan. 

“Bu irq asosida o‘ldirilgan, xo‘rlangan va ezilganlar uchun ham qasosdir. Meni Jasvant Sing Chali deyishadi, mening ismim Dart Jons”, degan u.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Britaniya Vindzor

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing