Hokimlar necha soat uxlaydi? Hokimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma (video)

Intervyu

Viloyat hokimlari doimo xalqning diqqat-etiborida turadi. Xalq orasida ular haqida ko‘plab gap-so‘zlar tarqalgan. Falonchi hokim shuncha vaqt uxlarkan, falonchisi shuncha ishlarkan kabi mish-mishlar tez-tez qulog‘imizda yangraydi. QALAMPIR.UZ bunday fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida viloyat hokimlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Birinchi savolimiz: kunda o‘rtacha necha soat uxlaysiz?

Andijon viloyat hokimi, Shuhrat Abdurahmonov:

– Agar ishonsalaring bir kunda odatda 3 soat uxlayman. Uni ham ikki bo‘lib. Nima uchun kam uyqu? 3 milliondan ortiq xalqning tashvishi yelkamda turibdi. 

Qashqadaryo viloyat hokimi, Zoir Mirzayev:

– Har kuni har xil. Eng kami deb aytadigan bo‘lsak, 4 soat. Undan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin

Sirdaryo viloyat hokimi, G‘ofur Mirzayev:

– Bir kunda 6-6,5 soat uxlayman. 

Xorazm viloyat hokimi, Farhod Ermanov:

– Soat 00:00 dan 07:00 gacha

Surxondaryo viloyat hokimi, To‘ra Bobolov:

– Odam vaqtida dam olishi kerak. Inson, albatta, 6 soat uxlashi kerak. Agar normal uyqu bo‘lmasa, ertasiga ishning unumi ham bo‘lmaydi.    

Samarqand viloyat hokimi, Erkin Turdimov:

– Shanba va yakshanba kunlari yaxshiroq uxlaymiz. Boshqa kunlari ham yomon uxlamaymiz. Qachon, qanday, bu holatga qarab. O‘rta hisobda 6 soat uxlaymiz. 

Navoiy viloyat hokimi, Qobul Tursunov:

– Endi yetarlicha uxlaymiz. O‘zimizga yetarli damni olamiz. O‘rtacha 5-6 soat. 

Namangan viloyat hokimi, Xayrulla Bozorov:

– Normal ishlash uchun 6 soat uxlash kerak. 4 soat charchatib qo‘yadi.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev esa shu va boshqa savollarimizga javob berishni xohlamadi. Ochiqlik siyosati prezident tomonidan ta’kidlanishiga qaramay, hokimning javob berishdan bosh tortish sababi esa haligacha noma’lum. 

So‘rovnomada viloyat hokimlariga boshqa qiziq savollar ham berilgan. Boshqa savollarga ham ularning javoblarini tez orada e’lon qilamiz. QALAMPIR.UZni kuzatib boring.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat G'aniev Zoir Mirzaev G'ofur Mirzaev

Baholaganlar

709

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing