Ohangaron suvombori yonida ham turistik maskan quriladi
Jamiyat
−
12 Sentabr 4165 2 daqiqa
Toshkent viloyatidagi Ohangaron suvombori atrofida kamida 600 nafar sayyohni qabul qila oladigan yangi maskan barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimi Zoir Mirzayev kecha, 11 sentyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Kecha, 11 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Turistik maskan masalasi ham shu yerda muhokama qilindi.
Zoir Mirzayevning ma’lum qilishicha, Ohangaron suvomborining atrofidan 168 gektar yer maydoni ajratilgan. U yerda Turkiya kompaniyasi bilan loyiha qilinadi. Loyiha doirasida 700 odam uchun ish o‘rni yaratiladi.
“Mehmonxona, kapsula uylari va shalelar quriladi. Kamida 600 nafar turistni qabul qiladigan yangi maskan bo‘ladi.
Eng asosiysi, bu yerda shaharning ekozonasi tashkil bo‘lyapti. Xuddi mana shu tajribani Parkent va Bo‘stonliqda qo‘llash bo‘yicha ham takliflar bo‘ldi”, dedi Toshkent viloyati hokimi.
Ma’lumot uchun, Ohangaron suvombori Angren shahrining sharqiy chekkasida, ko‘mir konining tepasida joylashgan. U Ohangaron daryosidagi gidrotexnik inshoot bo‘lib, suvomborda to‘plangan suvlar Oxangaron, O‘rta Chirchiq, Piskent, Bo‘ka tumanlarida sug‘orish uchun ishlatiladi.
Suvombor Ohangaron suvlarini mavsumiy tartibga solish uchun qurilgan. U 1989 yilda to‘ldirilgan. To‘ldirilganda suv sathining balandligi taxminan 1080 m, suvomborning umumiy hajmi esa 260 million m³.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Janubiy Surxon” suvombori hududida umumiy maydoni 15,7 gektar, qiymati 140 mlrd so‘mlik bo‘lgan ekoturizm kompleksi qurilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Chorvoq” suvombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazining loyihasini taqdim qilgandi. Shundan so‘ng, turizm markazi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 gektar yer uchastkasining Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan qismlari “Agalarov Development” MCHJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga 25 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. U yerda 2025-2035 yillarda qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasi barpo etiladi.
Live
Barchasi