Vilnyusdagi NATO sammitini Polshadan kelgan maxsus kuchlar qo‘riqlaydi
Olam
−
30 iyun 2023
3727Litva poytaxti Vilnyusda joriy yilning 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan Shimoliy Atlantika alyansi sammitini Polshadan kelgan maxsus kuchlar qo‘riqlaydi. Kelgusi hafta ular potensial zaif hududda mashqlar o‘tkazadi. Bu haqda Polsha Milliy xavfsizlik byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Polsha NATO sammitini himoya qilish uchun Litvaga maxsus kuchlar kontingentini yuboradi.
“Mazkur qaror Prezident Anjey Duda, Bosh vazir va Milliy Mudofaa vaziri tomonidan kelishilgan. Shuningdek, u Polsha va Litva Prezidentlari o‘rtasida kengroq harbiy hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar natijasidir”, deydi Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Yasek Severa.
Severaning so‘zlariga ko‘ra, Polsha harbiy kontingenti vazifalarni havo yuklari, vertolyotlar va uchuvchisiz qurilmalardan foydalangan holda bajaradi.
“Keyingi haftada u bir qator mashqlarni bajarish orqali Suvalki va boshqa muhim infratuzilmalarda mashg‘ulotlarni boshlaydi”, degan Severa.
Ma’lumot uchun, Suvalki Boltiqbo‘yi mamlakatlarini Polsha va NATOning qolgan mamlakatlari bilan bog‘laydigan, shuningdek, Rossiyaning Kaliningrad viloyati va Belorusni ajratib turadigan hudud. AQSH harbiylariga ko‘ra, bu mintaqa Yevropadagi potensial zaif zona hisoblanadi.