Videosi tarqalgan deputat ayolning vakolati tugatildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 3 dekabr kuni Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya deputatlarning tashabbusi bilan chaqirildi. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda bitta masala, tuman Kengashining 30-“Uyshun” saylov okrugidan saylangan deputat Feruza Babashevaning deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, sessiya ishida xalq deputatlari tuman Kengashi “Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya” raisi Dilorom Zulyorovaning axboroti eshitildi.

Komissiya raisining axboroti va deputatlarning qo‘shimcha taklif, fikr-mulohazalarini inobatga olib, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan, Feruza Babashevaning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qarorni sessiyada qatnashgan 24 nafar deputatdan 23 nafari yoqlab ovoz berishgan.

Shu tariqa sessiya ishida Feruza Babashevaning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqaldi. Jamoatchilik shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi videolar tarqatilishini deputat ayolning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.

Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, holat “Xavfsiz tun” tadbiri doirasida aniqlangan ishratxonada tasvirga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, reyd vaqtida olingan tasvirlarni tarqatganlarni aniqlash ishlar boshlanganini bildirdi.

Joriy yilning 18 noyabr kuni xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi odob komissiyasining Feruza Babasheva ishi ko‘rilishi kerak bo‘lgan majlisi qoldirildi. Keyinroq, 22 noyabr kuni xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi Babashevani daxlsizlik huquqidan mahrum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Feruza Babasheva

Baholaganlar

3034

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing