Video: Yunusobodliklar hokimdan uylarini buzishni so‘rayapti

Jamiyat

So‘nggi vaqtlarda poytaxt Toshkentda amalga oshiralyotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida so‘z ochilganda, bu inshoatlar ko‘pchilikning uyidan ayrilishi, ko‘z yoshlari, norozligi evaziga bunyod bo‘layotgani haqida eshitib qolamiz. Aslida ham shundaymi? 

Tez orada Toshkentning Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida yangi “Business city”lar qurilishi haqida xabar bergan edik. Albatta, bu mo‘jaz shaharchalar ham qaysidir uylar, kerak bo‘lsa, mahallalar o‘rniga tushadi. Xo‘sh, odamlar bunga rozimi?

Toshkent shahar hokimiyati olib borilayotgan islohotlarning shaffofligi va ochiqligini ko‘rsatish, qurilish va obodonlashtirish ketayotgan hududlardagi aholining turmush darajasi kun sayin pasayib borayotgani, ular uylari buzilishiga rozi ekanini tasvirlash maqsadida “Mirzo Ulugbek Business City” va “Yunusobad Business City” loyihalari taqdimotida yuqoridagi videolavhani e’lon qildi. 

Unda Yunusobod tumani Yangi shahar va Chinobod ko‘chalari oralig‘ida joylashgan mahallalarda yashovchi aholining fikri yoritilgan. 

Aholi mazkur hududlarda eksi, pana-pastqam uylarda yashab kelayotgani, bularni tiklash, yangi binolar qurish, ta’mirlash uchun ortiqcha mablag‘i yo‘qligi, ko‘chalar torligi, hatto, kanalizatsiya yo‘qligidan qiynalishlarini aytarkan, uylari buzilib, davlat tomonidan boshqa uyga ko‘chirishlariga rozi ekanlarini qayd etishadi. 

 

Ushbu videoda shunday gaplar qulog‘ingizga chalinadi:

— Orzularimiz ko‘p: yaxshi joyga borib yashasak, kelin tushirsak. Tor uylarga kim mehmon chaqiradi. Bitta mehmon kelib qolsa, o‘zimiz uyalamiz. Toshkentda shunaqa uylar haliyam bormi, deb qarindosh-urug‘lar so‘rashadi. 

— Yomg‘ir yoqqanda hovlimizgacha suv kiradi. Yog‘ingarchilikda darvoza oldiga g‘isht taxlab, ustida xatlab yuramiz. Biz ham yaxshi joy, yaxshi uylarda, hashamatli, obod mahallalarda yashashni yaxshi ko‘ramiz. 

— To‘g‘risini aytganda, bu mahalla sanitar holatga to‘g‘ri kelmaydi. Xalq qancha tozalagani bilan toza bo‘lmaydi. Bunaqa ahvolda qachongacha yashaymiz? Bolalarimizni maktabga jo‘natishimizga sharoit kerak. Masalan, men o‘g‘limni uylantira olmayapman. 

— Bir uyda 12 kishi yashaymiz. Uyimiz bir xona. Hammomimiz yo‘q, kanalizatsiya yo‘q. Kanalizatsiya umuman bo‘lmagan. Umumiy hojatxona qurganmiz, to‘lib qolsa yana boshqa joyni kavlaymiz. 

Va’da qilinishicha, barcha aholi va biznes vakillarining ko‘chmas mulk ob’ektlari qurilish maydoniga tushib qolsa, tegishli ravishda pul mablag‘lari ko‘rinishida yoki shaharning boshqa bir tumanida shunga o‘xshash mulk ko‘rinishida kompensatsiya bilan ta’minlanadi.

Mazkur loyihalar doirasida zamonaviy “aqlli” uskunalar bilan jihozlangan mehmonxonalar, ko‘p qavatli turar-joy binolari, chakana savdo do‘konlari, ko‘p tarmoqli majmualar, idoralar, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, qo‘p qavatli avtomobillar uchun to‘xtash joylari va qulay yo‘lovchilar o‘tish yo‘laklari qurilishi ko‘zda tutilgan.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobod Yunusobad Business City Mirzo Ulugbek Business City Business city

Baholaganlar

159

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing