ISHID iskanjasidagi 101 o‘zbek bolasi. Ular qanday qutqarildi? (video)
Jamiyat
−
31 may 2019
19789Kecha, 30 may kuni Yaqin Sharq mintaqasidagi qurolli mojarolar davom etayotgan hududlar, xususan, Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi davlat ko‘magida Vatanga qaytarildi.
Qaytarilgan o‘zbekistonliklarning 48 nafari ayol, 101 nafari bolalar. Ular hozirda Toshkent viloyatidagi sanatoriylardan biriga joylashtirilgan va u yerda tegishli vazirlik hamda idoralar tomonidan kerakli yordam ko‘rsatilyapti.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa Suriyadan keltirilgan ayollar va bolalarga munosabat turlicha bo‘ldi.
"O‘zbekiston24" telekanali muxbiri Nazira Mambetsharipova o‘zbekistonlik ayollar va bolalar qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan Suriya davlatidan qanday olib kelingani to‘g‘risida reportaj tayyorladi.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonliklar Suriya poytaxti Damashqdan 800 km uzoqlikdagi Qamishli shahridagi “Al-Xol” lagerida og‘ir ahvolda yashab kelgan.
“Mehr” dasturini amalga oshirishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasining Dubaydagi bosh konsuli Alisher Salomovning so‘zlariga ko‘ra, bu tadbirlar davom ettiriladi.
“Bu operatsiya Suriya Arab Respublikasining tegishli idoralari va Qizil xoch tashkiloti bilan birgalikda amalga oshirilyapti. Bu amaliyot davom ettiriladi va oxirgacha, oxirgi o‘zbekistonlikni Vatanga qaytarishga tayyormiz”, deydi Alisher Salomov.