Prezident jazo muddatini o‘tayotgan 92 kishini afv etdi
Jamiyat
−
06 dekabr 2019
8816O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 92 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 20 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 37 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 16 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so‘z bilan aytganda, 73 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda va probatsiya xizmati organlari nazoratidan olinmoqda. Shuningdek, 19 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 3 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 3 nafarini ayollar hamda 79 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlar namoyon bo‘lganining amaliy ifodasidir.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi