Shavkat Mirziyoyev Samarqandda “Franklin Templeton” kompaniyasi prezidentini qabul qildi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 oktyabr kuni Samarqand shahrida “Franklin Templeton” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, London va Toshkent birjalarida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining joylashtirilishi O‘zbekiston tarixidagi ilk xalqaro IPO bo‘lgani ta’kidlangan. Buning hisobiga qariyb 700 million dollar mablag‘ jalb etilib, talab taklifga nisbatan to‘rt baravardan ziyodga oshgan.

Shu bilan birga, keyingi bosqichda jamg‘arma portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmatlar ishonchliligi va sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgani qayd etilgan. Keyingi aksiyalarni joylashtirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlash, ularning boshqaruv kadrlari malakasini oshirish hamda kompaniyaning Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev hamda Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing