Sariosiyodagi ommaviy janjal sababi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
30 iyun 2020
22914Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi yuz bergan janjal aks etgan videolavha tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unda bildirilishicha, hodisa joriy yilning 21 iyun kuni soat 17:30 da Sariosiyo tumani “Lutfikor” mahallasida yuz bergan. Mahalladan o‘tuvchi Sariosiyo-Uzun yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida 31 yoshli M.Ya. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Nexia rusumli avtomashinasi bilan harakatlanib kelayotgan vaqtida o‘zi bilan bir yo‘nalishda 21 yoshli R.M.ning boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina bilan o‘zaro bir-biriga yo‘l bermasligi oqibatida o‘zaro tortishib qolishgan. Ushbu hududga yaqin bo‘lgan M.Ya.ning amakisi 55 yoshli O.Ya.ning yashash uyi yoniga to‘xtab, avtomashinadan R.M. va uning ukasi 18 yoshli U.M. tushib, fuqaro M.Ya. va uning amakisi O.Ya. bilan o‘zaro tortishib janjallashib bir-birlariga qasddan tan jarohati yetkazishgan.
Shu kunning o‘zida soat 18:30 da fuqaro R.M. ukasi U.M., otasi 41 yoshli O.X. va amakisi 32 yoshli X.O. fuqaro O.Ya.ning yashash uyiga borib, O.Ya.ning qarindoshi bo‘lgan 31 yoshli O.N.ning tanasining duch kelgan joylariga qasddan urib tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng, soat 20:20 da M.Ya. va uning janjaldan xabar topgan 5 nafar qarindoshlari birgalikda O.X.ga tegishli bo‘lgan kichik korxonasi binosi oldiga borib, O.X. va uning o‘g‘illari R.M., U.M.ni qo‘l va oyoqlari bilan badanlarining turli sohalariga qasddan urib tan jarohatlari yetkazganlar.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.
LiveBarchasi