Prezident aholi tomorqalari samaradorligini oshirishga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 30 iyun kuni “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori

So‘nggi yillarda respublikada dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yanada ko‘paytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

•    aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘larni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MCHJlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq yer maydoni ajratish;

•    “Tomorqa xizmati” MCHJlar kuzatuv kengashlari tarkibiga, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi a’zo bo‘lib kirishlari;

•    aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘larni tizimli yetkazib berish, mahsulotlarni sotishni tashkil qilish uchun viloyatlar va tuman (shahar)lar markaziy dehqon bozorlarida, aholi gavjum punktlarida “Tomorqa xizmati” MCHJlar uchun maxsus savdo maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

•    1-ilovada keltirilgan klaster usulida faoliyat yuritadigan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratsin;

•    aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun kredit ajratsin;

•    tijorat banklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida uch oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida 2 million so‘mgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz On-line tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmini joriy etsin.

3. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

•    2023 yil 1 yanvarga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJ hamda qishloq xo‘jaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda kafillik berilishi belgilansin;

•    fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ va qishloq xo‘jaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom talablarini hisobga olgan holda, ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 7,5 foizli punktigacha qoplab berish tizimi joriy etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida kamida 30 ta aholi tomorqalarini sug‘orish uchun yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash xarajatlarining 70 foizini, biroq 120 million so‘mdan oshmaydigan qismini qoplashga subsidiya ajratsin.

5. 2022 yil 1 yanvarga qadar 2-ilovaga muvofiq tovarlarni olib kirishda bojxona bojining (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lov va qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) nol stavkalari belgilansin.

6. "O‘zbekchorvanasl" agentligi bir oy muddatda sisternada avtomatlashgan sut hajmini o‘lchash va tozalash mexanizmiga ega sut mahsulotlari yig‘ish mashinalari hamda motokultivatorlarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda “O‘zavtosanoat” AJga texnik vazifani kiritsin.

“O‘zavtosanoat” AJ "O‘zbekchorvanasl" agentligining texnik vazifasi asosida, bir oy muddatda sisternada avtomatlashgan sut hajmini o‘lchash va tozalash mexanizmiga ega sut mahsulotlari yig‘ish mashinalari hamda motokultivatorlarni mahalliylashtirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rsin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

•    O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 1 aprel va 1 avgustga qadar suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantiradi va tasdiqlaydi;

•    loyiha tashabbuskorlariga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan ajratiladigan subsidiyalar 2020-2021 yillarda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan hamda 2022 yildan boshlab O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

•    bir oy muddatda tuproq-iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jalik ekinlarining urug‘ va ko‘chatlarini hududlar kesimida ekish, yetishtirish va sifatli mahsulot olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishini va joylarga yetkazilishini;

•    2021 yil 1 yanvarga qadar Farg‘ona viloyatida “Tomorqa xizmati” MCHJ takliflari asosida Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari huzuridagi “Axborot-maslahat markaz”lari (Extension center) hamda “In-vitro” laboratoriyasi tomonidan hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lari va ko‘chatlarini tayyorlash, yetkazib berish, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda yetishtirish agrotexnikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash yuzasidan maslahat va tavsiyalar berish bo‘yicha xizmatlarni shartnoma asosida tashkil etilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borib, koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun aholi tomorqalaridan samarali foydalangan holda ikki marta hosil olish ishlarini tashkil etsin.

10. Toshkent davlat agrar universiteti, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi “Tomorqa xizmati” MCHJlar takliflari asosida ularning xodimlarini va birga ishlovchi tomorqa yer egalarining malakasini oshirishni tizimli tashkil etsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.I.Barnoyev hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Tomorqa

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing