Vengriya YeIning migratsiya qoidalaridan voz kechmoqchi

Olam

image

Vengriya Niderlandiya ortidan Yevropa Ittifoqining migratsiya qoidalariga rioya qilishdan bosh tortish niyatidaligini e’lon qildi. Bu haqda kecha,18 sentyabr kuni Vengriya Yevropa ishlari vaziri Yanosh Boka ma’lum qildi.

“Noqonuniy migratsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rish kerak”, deb yozgan vazir o‘zining X sahifasida.

Shu sababli rasmiy Budapesht Yevropa Ittifoqining boshpana bo‘yicha qoidalaridan chiqish uchun Yevrokomissiyaga murojaat qilmoqchi. Avvalroq, Niderlandiya Yevropa idorasiga xuddi shunday so‘rov yuborgan edi. Niderlandiyaning eng yirik o‘ng qanot populistik Ozodlik partiyasi rahbari Gert Vildersga ko‘ra, “bu yangi shamol esib borayotganidan dalolat”.

Niderlandiya va Vengriya o‘z tashabbusi bilan muvaffaqiyat qozonishi dargumon. Ushbu davlatlarni Yevropa Ittifoqi migratsiya tizimidan chiqarib tashlash uchun uning barcha 27 a’zosining roziligi talab qilinadi.

Bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi Vengriyaning o‘ng qanot populistik hukumati ko‘p yillardan beri muhojirlarga qarshi siyosat olib boradi va shuning uchun Yevropa Komissiyasi bilan doimiy ziddiyatda. Budapesht ayni damda Yevropa sudi tomonidan o‘zining cheklovchi boshpana siyosati tufayli qo‘yilgan 200 million yevro miqdoridagi jarimani to‘lashdan bosh tortmoqda. Shuning uchun Bryussel bu pulni Yevropa Ittifoqining Vengriyaga bo‘lajak to‘lovlaridan olib qo‘ymoqchi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil mayda YeI davlatlari xalqaro migratsiya islohotlarini yakunladi. “Ruxsat berish to‘g‘risidagi memorandum” o‘z yurtidan uzoqda bo‘lgan shaxslarga boshpana topish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi. Yevropa Ittifoqida qolishga ruxsat olish uchun berilgan muddat qisqa ekaniga qaramay, ular tezroq deportatsiya qilinadi va chegarada tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shveysariya senatorlari BMTning migratsiya bo‘yicha global bitimini mamlakat ratifikatsiya qilishiga qarshi ovoz bergandi. Parlamentga ko‘ra, mamlakat undan hech qanday foyda ko‘rmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Vengriya Yanosh Boka migratsiya qoidalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing