Vengriya o‘zbekistonlik talabalar uchun qo‘shimcha grantlar ajratadi
Jamiyat
−
05 may 2022
4694Endilikda 170 nafar o‘zbekistonlik talaba Vengriyada ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Kecha, 4 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto hamraisligida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida shunday kelishuvga erishildi.
Unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida vazir Abduqodir Toshqulov ham qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Vengriyaning Debretsen universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim dasturlarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga joriy etish kabi masalalar muhokama qilingan.
Hujjatlarni imzolash marosimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto “2020-2023 yillarda Vengriya stipendiyalari (“Stipendium Hungaricum”) dasturi doirasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida bayonnoma”ni imzoladilar.
Unga ko‘ra 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, Vengriya tomonidan har yili ajratilayotgan ta’lim grantlari soni 100 tadan 170 taga ko‘paymoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda imzolangan tegishli memorandumga ko‘ra, Vengriya hukumati tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy ta’lim muassasalarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun yiliga jami 100 tadan ta’lim grantlari ajratib kelinayotgan edi.
LiveBarchasi