Vengriya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi. Qanday kelishuvlarga erishildi?

Jamiyat

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonga rasmiy tashrifini yakunlab, bugun Budapesht shahriga uchib ketdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 29 mart kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekiston-Vengriya oliy darajadagi muzokaralarida qatnashish uchun Toshkentga keldi. Uni aeroportda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrifini an’anaga ko‘ra, Mustaqillik maydonidan boshladi. Bosh vazir rafiqasi bilan birga Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng Ko‘ksaroyda Vengriya Bosh vazirini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi va tor doiradagi muzokaralarga kirishildi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonni mamlakatga tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidladi.

Muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kecha, 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda, ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi.

Unda Shavkat Mirziyoyev Vengriya bilan Mintaqalar forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga vengriyalik yozuvchi Aran Yanoshning asarini sovg‘a qildi.

Prezident venger yozuvchisi Aran Yanoshning “Ajoyib ohuning hikoyati” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vazir Viktor Orban muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, tashrif doirasida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Ular Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik to‘g‘risida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Irrigatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitimlardir.

Qolaversa, 30 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markaziga tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbari ushbu markazni ochib berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing