Vengriya Bosh vaziri noyabrda O‘zbekistonga keladi

Jamiyat

image

Bugun, 4 oktyabr kuni Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban tor doirada ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda Vengriya Bosh vaziri joriy yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

Suhbatda O‘zbekiston-Vengriya strategik sherikligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti do‘st Vengriya yetakchisiga tashrif davomida ko‘rsatilgan samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Viktor Orbanning 2021 yil martda O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochgani hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘targani alohida ta’kidlandi.

Turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani  bilan bir-biriga o‘xshashligi qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 3 barobar oshgani, uni yanada ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlar va omillar mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Yevroittifoqning “GSP+” a’zosi maqomiga ega ekani ham bunga xizmat qiladi.

Tomonlar o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlar yaratish va shu orqali MDH, Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishga intiladi.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport hamda ilmiy tadqiqotlar hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar. Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar doirasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

Viktor Orban

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing