Orban Tramp nega Ukraina bo‘yicha muzokaralar olib bormayotganini aytdi
Olam
−
10:32
5277AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 20 yanvar kuni lavozimga kirishgunga qadar xorijiy yetakchilar bilan, jumladan, Ukrainadagi mojaro yuzasidan rasmiy muzokaralar olib bora olmaydi. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Floridadagi Mar-a-Lago mulkida Tramp bilan uchrashganidan so‘ng tushuntirish berishga majbur bo‘ldi.
Orban 9 dekabr kuni Tramp bilan uchrashdi va ertasi kuni jurnalistlar Vengriya hukumati rahbaridan uning muzokaralari qanday kechganini so‘radi.
"Bu muzokaralar emas edi, chunki Tramp hali prezidentlik lavozimini egallamagan edi. U lavozimiga kirishsa, muzokaralar bo‘ladi, ammo hozircha bu shunchaki suhbat edi", deb javob berdi Bosh vazir.
U o‘zining Facebook'dagi sahifasida matbuot bilan qisqa suhbati aks etgan videoni joylashtirdi. Orbanning tushuntirishicha, Amerika qonunchiligiga ko‘ra, saylangan prezident 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimiga qadar Qo‘shma Shtatlar nomidan hech qanday muzokara olib borishi mumkin emas.
"U Ukrainada sulh bo‘yicha muzokaralar olib borish imkoniyatiga ega emas, chunki AQSHda juda qattiq qonuniy qoidalar mavjud, ammo menimcha, u 20 yanvarda lavozimga kirishsa, bu ta’sir ijobiy bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi Bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, Viktor Orban 9 dekabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp va milliarder Ilon Mask bilan uchrashgandi. Mazkur uchrashuvda AQSHning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Vals va Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ham ishtirok etgan.
LiveBarchasi