Venesuelada safarbarlik e’lon qilindi
Olam
−
05 yanvar 12914 2 daqiqa
AQSH hujumidan so‘ng bugun, 5 yanvar kuni Venesuela hukumati mamlakat Qurolli kuchlari safarbar etilishini e’lon qildi hamda neft sanoati va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari xodimlari uchun harbiy rejim joriy etdi. Bu haqda mamlakatning huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingan farmonda so‘z boradi.
“Zudlik bilan butun mamlakat hududida milliy Qurolli kuchlarni safarbar etish va xorijiy agressiyani qaytarish uchun milliy qudratning mavjud salohiyatidan foydalanish buyurilad. Davlat infratuzilmasi, neft sanoati va boshqa asosiy davlat ishlab chiqarish jarayonlari harbiylashtiriladi. Bunday korxonalar xodimlari vaqtincha harbiy rejim ostida bo‘ladi”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, farmon mamlakatning quruqlik, havo va dengiz chegaralarida patrullash hamda qo‘riqlashni kuchaytirishni ham nazarda tutadi.
Mazkur farmon e’lon qilingan kundan boshlab 90 kun davomida amal qiladi. Qayd etish joiz, hujjat 3 yanvar sanasi bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, uning ostida prezident Nikolas Maduroning, shuningdek vitse-prezident va hukumat a’zolarining imzolari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.
AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda, yaqin vaqt ichida ular AQSH sudida javob beradi.
Hozirda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular allaqachon Bruklindagi (Nyu-York) tergov izolyatoriga yetkazilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Venesuelada o‘tkazgan operatsiyasi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi