Venesuelada 379 nafar siyosiy mahbus ozodlikka chiqariladi

Olam

image

Venesuela hukumati 379 nafar siyosiy mahbusga amnistiya e’lon qildi. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni “Al Jazeera” xabar berdi.

Qaror Nikolas Maduro hokimiyatdan ag‘darilgach, vaqtinchalik hukumat tomonidan qabul qilingan yangi qonun asosida amalga oshirilmoqda.

Milliy Assambleya amnistiya to‘g‘risidagi qonunni bir kun avval bir ovozda qabul qilgan. Qonun ijrosini nazorat qilayotgan deputat Xorxe Arreaza mahbuslar “bugun kechqurundan ertaga ertalabgacha ozod qilinishi” kutilayotganini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, yangi qonun barcha mahbuslarga tatbiq etilmaydi. Xususan, “terrorizm” yoki xorijiy kuchlar bilan hamkorlikda davlat suverenitetiga qarshi harakatlarda ayblangan shaxslar amnistiyadan chetlashtirilgan. Bu toifa orasida ayrim harbiylar va muxoliflar bor.

Muxolifat vakillari qonun ayrim siyosiy raqiblarga nisbatan qo‘llanmasligini tanqid qilgan. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa bu hujjat avvalgi hukumat davridagi qonunbuzarliklarni oqlash vositasiga aylanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Foro Penal nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, amnistiya e’lon qilinishidan oldin Venesuelada qariyb 650 nafar siyosiy mahbus bor edi. Tashkilot rahbari Alfredo Romero amnistiya avtomatik tarzda emas, sud jarayonlari orqali amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Mamlakatning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges davlat televideniyesida so‘zlagan nutqida hukumat qarorini himoya qilib, mamlakatda “yanada demokratik va adolatli jamiyat qurilayotganini” ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Venesuelada yuzlab, ehtimol minglab odamlar hukumatga qarshi fitna uyushtirishda ayblanib hibsga olingan. Yangi amnistiya qarori mamlakatdagi siyosiy vaziyatni yumshatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelaning muvaqqat hukumati sobiq prezident Nikolas Maduro hokimiyatdan chetlatilib, Delsi Rodriges vaqtincha rahbar etib tayinlaganidan keyin kamida 4 nafar AQSH fuqarosini va o‘nlab mahbuslarni ozod qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Nikolas Maduro mahbus amnistiya Milliy Assambleya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing