Venesuela poytaxtida portlashlar sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
03 yanvar 5504 2 daqiqa
Bugun, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakasda portlashlar sodir bo‘ldi. Shaharning yirik harbiy baza joylashgan janubiy qismida elektr ta’minoti uzilgan. Bu haqda guvohlarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda kamida yettita portlash ovozi eshitilgan. “Bloomberg”ning yozishicha, Karakas aholisi kuchli portlashlar va shahar uzra uchib o‘tayotgan samolyotlar haqida xabar bermoqda, buning oqibatida shaharning ko‘plab hududlarida elektr o‘chgan. Shuningdek, shaharning bir nechta tumanlarida o‘q tovushlari ham eshitilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Venesuela poytaxti uzra AQSH harbiy vertolyotlari uchib yurganini aks ettiruvchi videolar tarqalmoqda. Biroq bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil kuz boshida AQSH Karib dengizi hududiga o‘zining eng zamonaviy “Gerald Ford” aviatsiya tashuvchisini, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan edi. Sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarbalar berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni Venesuelaning huquqiy prezidenti sifatida tan olmaydi va mamlakat hukumatini narkotrafikka qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.
17 dekabr kuni Tramp Venesuelaga borayotgan va undan chiqayotgan, sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish buyrug‘ini berganini e’lon qilgan.
Sentyabr boshida CNN Tramp Venesuela hududidagi narkokartellarga zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini xabar bergan edi. Biroq noyabr o‘rtalariga kelib, Tramp Venesuelada quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik bo‘yicha hali qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.
Live
Barchasi