Vaziyatni jilovlashning yagona yo‘li – qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Dunyodagi ziddiyatlar, savdodagi cheklovlar hamda asosiy hamkor davlatlardagi devalvatsiya yil boshida belgilab olingan rejalarni o‘zgartirib yubordi, bu, ayniqsa, oziq-ovqat va to‘qimachilik eksportiga salbiy ta’sir qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kelgusi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi. 

Prezidentning qayd etishicha, vaziyatni jilovlashning yagona yo‘li – qishloq xo‘jaligida hosildorlikni keskin oshirish hisobiga tannarxni kamaytirish, chuqur qayta ishlashga va qo‘shilgan qiymat yaratishga ko‘proq investitsiya jalb qilish orqali eksportni ko‘paytirish hisoblanadi.

Buning uchun qishloq xo‘jaligi, butun iqtisodiy kompleks sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha yondashuvlarni, tashkiliy va moliyaviy instrumentlarni joriy qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati ko‘rib chiqildi. Bu yil 41 ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9 tasida 30 sentnerdan kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmayapti.

Shu bois, kelgusi yildan paxta urug‘chiligi bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi.

Kelgusi yili ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi. 

Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, ular urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev qishloq xo'jaligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing