Vaziyat jiddiy! Xarkovni boy berishimiz mumkin – Zelenskiy
Olam
−
16 may
21135Frontda vaziyat jiddiy – Xarkovni boy bermaslik uchun Ukrainaga ikkita Patriot mudofaa tizimi kerak. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy "ABC News" telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Xarkovni yo‘qotishimiz mumkin emas. Biz faqat ikkita Patriot tizimini so‘rayapmiz. Agar talabimiz qondirilsa, Rossiya Xarkovni bosib ololmaydi”, degan u jurnalist Jeyms Longmanga.
Longman Zelenskiyga "AQSH Kongressi tomonidan Ukrainaga harbiy yordamning kech tasdiqlanishi Xarkovdagi vaziyatni keskinlashtirdimi?" deya savol bergan. Ukraina yetakchisi esa bo‘lib o‘tgan voqea uchun hamma aybdorligini ta’kidlagan.
“Bu butun dunyoning aybi. Ular Putinga vaziyatdan foydalanishga imkon berdi. Ammo hali ham kech emas”, degan u.
Longmanning ta’kidlashicha, ko‘plab amerikaliklar AQSHda Ukrainaga ajratilgan pul miqdoridan xavotirda. Zelenskiyning aytishicha, bu mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga o‘tkazilmaydi.
“Pullar Amerika qurol zavodlariga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar ish o‘rni yaratishga ham xizmat qiladi. Biz nafaqat ozodligimiz, balki demokratiya g‘alabasi uchun ham kurashamiz. Agar Ukraina bo‘lmaganida, Putin agressiyasiga boshqa davlat duchor bo‘lardi”, deya xulosa qilgan Zelenskiy.
LiveBarchasi