Qirg‘iz deputati Rossiya elchisiga yana nota yuborishni talab qildi
Olam
−
25 aprel
9102Qirg‘izistonlik deputat Dastan Bekeshov Tashqi ishlar vazirligidan bir muddat oldin mamlakatni “kichik va beadab tashkilot”, deb atagan Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Matveyevni “persona non grata” deb tan olgan holda Rossiya elchisiga nota yuborishni talab. Bu haqda “Vecherniy Bishkek” nashri xabar berdi.
“Mixail Matveyev kabi odamlar mamlakatlarimiz orasiga nifoq solib, janjal chiqarish uchun hamma narsani qiladi. Tashqi ishlar vazirligimiz Rossiya elchisiga qo‘ng‘iroq qilib, nota topshirsin. Va Matveyev persona non grata deb e’lon qilinishi kerak”, degan deputat.
Parlament a’zosiga ko‘ra, ayniqsa, yuz minglab qirg‘izistonliklar ishlayotgan Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi yaqin gumanitar va iqtisodiy aloqalar fonida bunday bayonotlarni qabul qilib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Rossiya Davlat dumasining Mintaqaviy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mixail Matveyev O‘shdagi Rus uyi xodimining hibsga olinishini izohlar ekan, Qirg‘izistonni bu ishi uchun “kichik va beadab tashkilot”, deb haqoratlagandi.
“Rus uyi” xodimasining qo‘lga olinishi
Joriy yil 17 aprel kuni Qirg‘izistonda Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga askar yollash ayblovi bilan O‘sh shahrida joylashgan “rus uyi”da faoliyat olib boruvchi jurnalist hibsga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan yollash ishi doirasida ushbu shaxsdan tashqari yana 3 kishi jumladan, O‘sh shahar hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham qo‘lga olingan. Lapushkin noqonuniy tarzda armiyaga yollash va hatto o‘qitishni tashkil etish bilan ayblanmoqda.
Ularga nisbatan jinoyat ishi aynan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 22 aprel kuni Bishkekdagi Pervomay tuman sudi bu jarayondagi asosiy qahramonlardan biri hisoblanadigan “rus uyi”da ishlovchi jurnalist Natalya Sekerinaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 17 iyungacha hibsda saqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Gumon qilinuvchiga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining eng so‘nggi, 416-moddasi 1-qismida qayd etilgan “boshqa davlatlarning qurolli to‘qnashuvlarida foydalanish, davlat hokimiyatini ag‘darish yoki hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlari uchun yollanma askarlarni yollash, moliyalashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish, shuningdek, harbiy mojarolar yoki harakatlarda yollanma askarlardan foydalanish” ayblovlari tahdid solmoqda.
Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda va Sekerina bu vaqt davomida hibsda qoladi. “Rus uyi” xodimasining yollash ishiga aloqadorligi isbotlansa, uni Qirg‘iziston qonunchiligi bo‘yicha 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Sekerina haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgani uning Qirg‘iziston fuqarosi ekani, 2024 yil iyul oyidan beri “rus uyida” ishlab, tashkilotning O‘shdagi filialida ommaviy axborot vositalari bilan aloqaga mas’ul bo‘lgani kabi ma’lumotlardir.
LiveBarchasi