Vaziyat Prezident nazorati ostidaligi aytildi

Jamiyat

image

Qozog‘iston va Qirg‘izistonning bir qancha shaharlari qatorida O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida svet o‘chishi bilan bog‘liq inqirozli holatni shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan. Bu haqda davlat rahbarining Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. 

“Xabaringiz bor, yurtimiz va qo‘shni mamlakatlarning ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Dastlabki o‘rganishlar bu holat umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida kelib chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash kerakki, vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida. O‘zbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berib borilmoqda”, deydi Asadov. 

Prezident Matbuot xizmati rahbari fuqarolarni xotirjamlikni saqlash va sarosimaga tushmaslikka chaqirib, “vahimaga o‘rin yo‘q”ligini ta’kidlamoqda.

“Konets sveta”

Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab, Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtatildi, poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. 

Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha ayeroportlar faoliyati cheklandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining qator hududlarida yelektr ta’minioti tiklandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

322

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing