Vaziyat keskinlashmoqda: Zelenskiy Donbassga yo‘l oladi
Olam
−
08 aprel 2021
11355Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 8 aprel kuni Donbassga tashrif buyuradi. Bu haqda “Interfaks – Ukraina” davlat rahbari idorasiga yaqin manbaga asoslanib xabar berdi.
“Tashrif Donbassga bo‘ladi”, deydi agentlik manbasi. Tashrif tafsilotlari hali ochiqlanmagan.
So‘nggi haftalarda mintaqada og‘irlashuv kuzatildi. Kiyev va Donbassning o‘zini e’lon qilgan respublikalari bir-birini sulh bitimini buzishda ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Donbassda urush bo‘lishini istamasligini, biroq Ukraina armiyasiga hujum qilish xavfi bo‘lgan taqdirda Ukraina Donbassda o‘q uzishini aytgandi.
Hududdagi vaziyatning keskinlashuvi fonida bir qator davlatlar, xususan Fransiya va Germaniya xavotirga tushgan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Siyosiy ekspertlar esa Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvini Ukrainaning so‘nggi paytlardagi NATOga qo‘shilish tomon faol harakatlari bilan bog‘lamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan. Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan.
LiveBarchasi