Vazirlik uzrli sabab bilan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga so‘nggi muddatni eslatdi
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
6955Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan fuqarolar ogohlantirish bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 15-bandiga muvofiq uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Hududiy ishchi guruhlari 2020 yilning 20 dekabridan 2021 yilning 25 yanvar kuniga qadar (o‘sha kuni ham) faoliyat ko‘rsatadi.
Qayd etilgan Nizomga muvofiq fuqarolar quyidagi uzrli sabablarga ko‘ra hududiy ishchi guruhlariga ariza topshirishlari mumkin:
• talaba bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan ko‘chib o‘tganda;
• talabaning turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda;
• talabaning ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda.
Ushbu sabablardan boshqa holatlarda fuqarolar o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha umumiy tartibda har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Fuqarolar uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
• o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);
• talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
• pasport nusxasi;
• yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha (ko‘chirib tiklash bundan mustasno) arizalar talabaning chetlatilganligiga necha yil bo‘lganligidan qat’iy nazar bevosita muayyan OTMga taqdim etiladi.
LiveBarchasi