Qurilish vazirligi sohani tanqid qilgan tadbirkor ustidan IIVga shikoyat qildi (video)

Jamiyat

image

Joriy yilning 29 avgust kuni Savdo sanoat palatasida qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov Toshkent shahrida bitta uy uchun 200 ming dollargacha, Toshkent viloyatida esa 100 ming dollargacha xarajat borligi yuzasidan da’vo bilan chiqqan. U, shuningdek, mutasaddilardan arizalarning asossiz rad etilishiga qarshi chora ko‘rishni so‘ragan. 

“Yerni sotib oldik. Endi ruxsatnoma olish kerak. Ruxsatnoma oladigan jarayonimizda ruxsatnomaga “zayavka” tashlayapmiz, “otkaz” bo‘lyapti, toki manziliga borib, “Assalomu alaykum” bo‘lmaguncha. Bu ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti. Bitta “dom”ni 500 ming dollarga ko‘tarsak, kimgadir 50 ming, kimgadir 100 ming, kimgadir 20 ming bo‘lib, u o‘sha joyga “minib qolyapti”. Buni hal qilish kerak. “Zayavka”ga “otkaz” bosgan odam nega “otkaz” bosganiga javob berishi kerak”, deydi u.

Shuningdek, tadbirkor bu jarayonda Toshkent shahrida 200 ming dollargacha, Toshkent viloyatida 100 ming dollargacha xarajat borligini bildirgan.

Usmonjon Abdusamadovning mazkur da’vosi ortidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlik o‘z munosabatida tadbirkorning “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor” degan gapi jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi bo‘lganini bildirgan.

“Mazkur ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Natijada qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu esa o‘z navbatida vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmoqda”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari ko‘rish va huquqiy baho berilishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritgan.

“Qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi qat’iy taqiqlangan”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Qayd etilishicha, jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishi mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, ob’ekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilinadi. Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent qurilish Qurilish vazirligi Usmonjon Abdusamadov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing