Xotin-qizlarga OTMga kirish uchun yana bir imtiyoz berilmoqda
Jamiyat
−
22 yanvar 2023
32281O‘zbekistonda Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagidagi xotin-qizlar uchun yana bir imtiyoz berilmoqda.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ” 21-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Qaror talablariga ko‘ra, buning uchun qizlar “To‘maris izdoshlari" jamoasiga a’zo bo‘lib, IIVdan tavsiyanoma olishlari kerak.
“2023 yil 1 iyundan boshlab yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladigan bo‘ldi”, deyiladi qarorda.
“To‘maris izdoshlari”ning asosiy vazifalari esa xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga oid tadbirdarda ishtirok etish, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olish, aholi bilan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish hamda o‘quvchi va talaba qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan masalalarni aniqlash kabi masalalar belgilangan.
Qayd etilishicha, “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida faoliyat yuritadi.
“To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari a’zolariga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining tavsiyanomasiga asosan huquq tartibot organlarining oliy ta’lim muassasalariga (Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya tizimidagi Jamoat xavfsizligi universiteti) belgilangan tartibda saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng yakka tartibdagi suxbatsiz (test sinovlarisiz) kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi”, deyilgan Qaror talablaridan birida.
Qolaversa, uch oy ichida "To‘maris izdoshlari" jamoaviy guruhlari tashkil etilishi ham belgilangan.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov zimmasiga yuklatilgan.
LiveBarchasi