Vazirlar deputatlikka o‘tmadi
Jamiyat
−
31 Oktabr
12588Joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovida bir qator vazirlarning ham nomzodi siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka ko‘rsatilgandi. Saylov natijalariga ko‘ra, ularning hech biri deputatlikka o‘tmaydigan bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ro‘yxatida ularning ism-sharfi ko‘rsatilmagan.
Saylovoldi jarayonida O‘zLiDePdan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova nomzodi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, “Adolat” SDPdan Adliya vaziri Akbar Toshqulov, XDPdan Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Ekologik partiyadan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nomzodi ko‘rsatilgandi.
Shuningdek, siyosiy partiyalarning parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga qo‘yilgan nomzodlari tarkibida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ham bor edi.
Biroq ular parlament deputatlari orasida yo‘q.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda parlament saylovlarida hukmron Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) g‘olib deb e’lon qilindi. O‘zLiDeP Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rinlaridan 64 tasini, “Milliy tiklanish” – 29, “Adolat” – 21, XDP – 20, “Ekopartiya” – 16 o‘rinni egalladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 74,72 foizi ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova deputat bo‘lish uchun lavozimini tark etgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida vazirliklar matbuot xizmatlari bilan bog‘langanda, ikkala vazirlikning matbuot kotibi ham bu xabarlarni rad etgandi. Xususan, QALAMPIR.UZ manbasi Hilola Umarova deputatlikni rad etib, ariza yozgani va vazirlikdagi faoliyatini davom ettirishini bildirdi.
LiveBarchasi