Maktablarda gibrid ta’lim tizimi joriy etilgan – Shermatov ota-onalarga murojaat yo‘lladi

Jamiyat

image

Avvalroq, joriy yilning 29 mart kunidan umumta’lim maktablarida 4-chorak darslari boshlanishi haqida xabar bergan edik.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasining ko‘payishi sharoitida, maktablarning masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazilishi bo‘yicha ota-onalardan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ota-onalarga murojaat yo‘lladi.

"Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz, o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy o‘quv yilida gibrid ta’lim tizimi joriy etilgan, ya’ni farzandini maktabga yuborib an’anaviy ta’lim olishi yoki uydan bepul televizion “Onlayn maktab” kanallari orqali masofaviy ta’lim olishi bo‘yicha qarorni ota-onalarning o‘zi qabul qiladi", deydi vazir.

U epidemiologik holat og‘irlashgan hududlarda, mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini ko‘rish vakolati berilganini ham eslatgan. Vaziyatni inobatga olib, hududiy hokimliklar ba’zi tumanlardagi maktablarni to‘liq masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. O‘z navbatida, maktablarning ma’muriyatiga  sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

"Pandemiya nafaqat dunyo iqtisodiyoti va ta’lim tizimiga, balki insonlarning asabiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shunday ekan, qadrli ota-onalar, joylarda maktab jamoasi bilan o‘zaro hurmatni saqlagan holda, faqat birgalikda ushbu vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkinligini tushunishingizni so‘raymiz!", deydi Shermatov.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Sherzod Shermatov

Baholaganlar

598

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing