Vazir pedagoglardan bolalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova pedagoglarni bolalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 11 aprel kuni o‘zining Telegram-kanalida murojaatnoma e’lon qildi.

Unda qayd etilishicha, bugungi kunda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan har bir xodim zimmasiga nihoyatda yuksak mas’uliyat yuklatilgan. Pedagoglarning kasbiy mehnati hamda bolalarga bo‘lgan munosabati ularning nafaqat bilim olishi, balki barkamol shaxs sifatida shakllanishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi va hayotga bo‘lgan qarashlariga bevosita ta’sir qilmay qolmaydi. 

“Shu ma’noda aytish lozimki, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularning ruhiy holatini ehtiyotkorlik bilan asrash ta’lim tizimi xodimlarining asosiy kasbiy shioriga aylanmog‘i lozim. Har qanday noo‘rin xatti-harakat, beparvolik yoki loqaydlikning oldini olish, pedagogik etika me’yorlariga qat’iy amal qilish va yuksak kasbiy madaniyatni namoyon etishingiz zarur”, deydi vazir.

Shuningdek, u nafaqat soha yetakchisi, balki ona va buvi sifatida ham murojaat qilayotganini bildirgan.

“Har bir bola – mehr va e’tiborga munosib, qalbi nozik va ishonchi beg‘ubor bo‘lgan noyob olamdir. Ular bizga katta umid va ishonch bilan qaraydi, bizning munosabatimiz orqali hayotni anglaydi. Farzandlarimizga qanday mehr va munosabat ko‘rsatsak, ular kelajakda shunday insonlar bo‘lib voyaga yetadi. Shunday ekan, har bir so‘zimiz va harakatimiz bolalar qalbida qanday iz qoldirishini chuqur his etishimiz lozim”, deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri.

E’zoza Karimova yuqoridagilardan kelib chiqib pedagoglar oldiga qat’iy talab qo‘ygan.

“Ta’lim muassasalarida sog‘lom, ijobiy va insonparvar muhitni ta’minlash, bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan doimo hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishni qat’iy talab qilaman. Har bir vaziyatda amaldagi qonunchilik, ichki tartib-qoidalar hamda kasbiy etika talablariga to‘liq amal qilinishi shart. Mazkur masalada loqaydlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir xodim o‘z faoliyati natijalari uchun shaxsan javobgar ekanligini chuqur anglab yetishi zarur”, deydi u.

Shuningdek, vazir rahbar sifatida pedagoglardan yuksak mas’uliyat, doimiy hushyorlik va fidoyilikni kutishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, vazirning ushbu murojaatnomasi so‘nggi paytlarda bog‘chalarda tarbiyachilarning bolalarga nisbatan qo‘pol munosabati fonida e’lon qilindi. Xususan, joriy yilning 8 aprel kuni Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimining tarbiyalanuvchi bolalardan biriga jismoniy kuch ishlatib, uni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinroq u ishdan olindi va xalqdan uzr so‘rab, videomurojaat yo‘lladi.

Aynan 8 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularni qiynab, do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Keyinroq pedagogga nisbatan Navoiy shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va u gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

pedagog Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing