Vazir Qo‘chqorov qizini dabdaba bilan turmushga berdi (video)
Jamiyat
−
01 noyabr
94526O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qizining to‘y bazmini dabdabali tarzda o‘tkazgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda vazir Qo‘chqorov ham aks etgan bo‘lib, u qizi Sevinch hamda kuyovi Saidali Ubaydullayevni tabriklagan. To‘y marosimi qaysi to‘yxonada o‘tkazilgani aniq emas. Biroq marosim o‘tkazilgan joy juda katta hashamat bilan bezatilgan.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda dabdabali to‘ylar va ularga boradigan amaldorlarni tanqid qilgandi. Mirziyoyev Bosh vazirdan boshlab hokimgacha barcha ijro organlari rahbarlarining to‘y-marosimlarga borishi man etilishi, choyxonalarning oldida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kuniyoq o‘sha rahbarni ishdan olib tashlashi va javobgarlikka tortishini aytgandi.
“To‘y eng ko‘pi 150 kishiga bo‘ladi, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham o‘tkazmaydi. Bo‘ldi, u zamonlar tugadi. Odamlarning g‘ashini keltiryapti. Marosimlar ham, to‘ylar ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘dayib hamma muovinlari bilan, hamma turadi. O‘sha 20 kilogramm go‘shtingni puliga biror kambag‘alning uyini ta’mirlab ber, televizor olib ber!
Qaror chiqadi! Qaror! Prezident qarori emas, Senat qarori chiqadi! To‘y qilishning ham me’yorini yozib beramiz. Toshkentda to‘rtta qizi bor odam to‘y qilishi uchun o‘zini osishi kerak. Oddiy, byudjetdan maosh olib yashaydigan odam to‘rt qizini erga berishi uchun o‘zini ossa ham bo‘laveradi. Hech qanday imkoniyat yo‘q. Birovdan qolmay, deb qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, doktorga bormay, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y?
Avvaliga biz tashviqot qilib ko‘rdik, foyda bo‘lmadi. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga! To‘ylarni joy-joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi. Adolat o‘rnatiladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar – prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi – me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman.
Qaysi vazir yo Bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga to‘y qilishga yetadigan maoshni qayerdan oladi? Hammasi o‘g‘rilik bu, agar buning tagini surishtirsak. O‘g‘rilik! Bu ham adolatsizlikning bir oqibati. 110 kishi, 120 kishi. Tamom! Juda bo‘lmasa, maxsus komissiyadan ruxsat olib, 150 kishilik to‘y qiladi. Bundan ortig‘i hech qayerdan bo‘lmaydi. Juda yaxshi bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi. Qariyalar non sindirishga, to‘yga yoshlar boradi.
Men shuning hammasini yozib, qaror chiqarishga majburman. U zamon o‘tib bo‘ldi endi. Avvalambor ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi. Marosim tushlik vaqti 13:00 dan 14:00 gacha bo‘ladi. Qaysi restoran kechqurun o‘shani qilsa, o‘sha restoranni o‘sha kuniyoq yopamiz. Adolatsizlikni o‘zimiz boshlab beryapmiz”, degan edi Mirziyoyev.
2019 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan. Qaror bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Unda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida alohida band bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i 2024 yilning I yarmida 37 milliard dollarni tashkil etganini ma’lum qilgandi. Qo‘chqorovga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yarmida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 33,2 foizini tashkil qilgan. Vazirning Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotiga tayanib aytishicha, hozirda O‘zbekistonning davlat qarzi mo‘tadil darajada. Joriy yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston nomidan davlat kafolati ostida jami 2,8 milliard dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolangan. Shuningdek, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, 2024 yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalarni qayta moliyalashtirish maqsadida jahon moliya bozorlariga 1,5 milliard dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarilgan.
LiveBarchasi