Vatanida qamoqqa olingan Saakashvili ochlik e’lon qildi
Olam
−
02 Oktabr 2021
5988Vataniga qaytib hibsga olingan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili ochlik e’lon qildi va Ukraina konsuli bilan uchrashishni talab qilmoqda. Bu haqda Gruziya ombudsmani Nino Lomjariya sobiq Prezident bilan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.
“Men kirganimda, u [Saakashvili] shifokor oldida edi va tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgandi. Keyin bizga kamerada muloqot qilish imkoniyatini berishdi. Mixail Saakashvili ochlik e’lon qilishini aytdi”, degan Lomjariya.
U Saakashvili o‘zini siyosiy mahbus deb hisoblayotganini qo‘shimcha qilgan.
“U [Saakashvili] unga qarshi chiqarilgan qarordan norozi va o‘zini siyosiy mahbus, deb hisoblaydi”, degan Lomjariya.
Eslatib o‘tamiz, Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili kecha, 1 oktyabr kuni vataniga qaytganida hibsga olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
• Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
• o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi