Gruziya ma’muriyati Saakashvilini afv etishni rad etdi
Olam
−
07 iyul 2025 4270 2 daqiqa
Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muxolifat yetakchilarini mahalliy saylovlarda ishtirok etishi evaziga afv etish taklifi sobiq davlat rahbari Mixail Saakashviliga taalluqli emas. Bu haqda Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili ma’lum qildi.
Spikerning fikricha, bu istisnoning asosiy sababi sobiq prezidentning Ukraina fuqarosi ekani. Papuashvilining tushuntirishicha, shu inobatga olinsa, Saakashvilining saylovlardagi ishtiroki noqonuniy va hatto sobiq prezidentning siyosiy mavzudagi bayonotlari ham “chet el aralashuvi” hisoblanadi.
“Yo‘q, albatta, bu taklif Ukraina fuqarolariga taalluqli emas. Taklif Gruziya konstitutsiyasi va qonunlarni ataylab buzgan bir necha siyosatchilarga tegishli”, dedi Papuashvili.
Mixail Saakashvili Gruziyani 2013 yilda, prezidentlik muddati tugaganidan keyin tark etgan. Shundan so‘ng vatanida unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan. Ulardan ikkitasida sobiq prezident sirtdan uch va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
2025 yil 12 martda sud Saakashvilini 3,2 million dollardan ortiq davlat mablag‘ini o‘zlashtirganlikda aybdor deb topdi va uni 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Hozirda Saakashviliga qarshi 2007 yil 7 noyabrdagi muxolifat mitingini tarqatish va Gruziyaning “Imedi” telekompaniyasi ofisini yo‘q qilish bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqilmoqda.
2022 yilning may oyida, uzoq davom etgan ochlik e’lonidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgani sababli siyosatchi qamoqxonadan Tbilisidagi xususiy klinikaga ko‘chirildi va shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Gruziyada 8 ta muxolifat partiyasi mahalliy hokimiyat organlari saylovlarida ishtirok etmasligini e’lon qilgandi. Ular mahalliy saylovlarni “noqonuniy tuzumni legitimlashtirish vositasi” deb atab, unga qarshi kurashni davom ettirishga va’da bergan.
Live
Barchasi