“Vatandoshlar” fondi Ukrainadagi ziddiyatlar bo‘yicha o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
02 mart 2022
15508O‘zbekistondagi “Vatandoshlar” jamoat fondi Ukrainadagi kun sayin taranglashayotgan vaziyat fonida o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi. Tashkilot o‘zbekistonliklardan boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslikni so‘ramoqda.
“Insoniyat bugun katta xavf-xatar va tahdidlar kuchaygan sharoitda yashash va hayot kechirishga majbur bo‘lmoqda.
Sharqiy Yevropa mintaqasida taranglashayotgan siyosiy vaziyat barchamizdan ogohlik va chuqur tafakkur bilan ish ko‘rishni talab etadi.
Afsuski, bunday voqealar ayanchli oqibatlarga olib kelishi bilan birga, qanchadan-qancha davlatlardagi rivojlanish jarayonlarini bir necha yillarga orqaga surib yuborishi mumkin”, deyiladi murojaat avvalida.
Fondning qayd etishicha, olib borilayotgan muloqotlar va tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim o‘zbekistonliklar turli davlatlarning manfaatlariga xizmat qiluvchi ba’zi manbalarga tayanib, ma’lum miqdordagi pul mablag‘lari, katta va’dalar, jumladan, turli shartnomalar tuzish orqali fuqarolik berish va boshqa chaqiruvlarga uchib, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishlari ortidan xatarli vaziyatlarga tushib qolmoqda.
Fond xorijdagi o‘zbekistonliklarni quyidagi tavsiyalarga amal qilishga chaqirmoqda:
• boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik;
• har xil chaqiriqlar va oqimlarning aldovlariga ishonmaslik;
• hech qanday ziddiyatli va qurolli vaziyatlarga aralashmaslik;
• o‘qotar qurollarni qo‘lga olmaslik va ulardan foydalanmaslik (g‘ayriixtiyoriy ravishda qotilga aylanib qolmaslik);
• vaziyatni chigallashtiruvchi hech qanday shiorlarni targ‘ib qilmaslik;
• nizolashayotgan taraflarning bayrog‘i, madhiyalari, ramzlari va shiorlarini ishlatmaslik (O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan salbiy munosabat shakllanib qolishining oldi olinadi).
“Yuqoridagi holatlarga aralashish belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishini yana bir bor eslatgan holda, bugun dunyoda kuzatilayotgan vaziyatda neytral pozitsiyani ustuvor qo‘yishni tavsiya etamiz.
Dunyoning qaysi o‘lkasida bo‘lmaylik, aziz Vatanimiz – O‘zbekistonning obro‘si, e’tibori, sha’ni–shuuri va xalqaro imidjini saqlash muqaddas burchimiz ekanligini unutmaylik!”, deyiladi murojaatda.
LiveBarchasi