Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Vashingtonda yo‘lovchi samolyoti vertolyot bilan to‘qnashib, qulab tushdi (video)

Olam

image

AQSH poytaxti Vashington shahrida Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib, Potomak daryosiga qulab tushdi. Bu haqda CNN xabar berdi.  

Mahalliy nashrlarning American Airlines aviakompaniyasidagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, qulab tushgan samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Keyinchalik kompaniya ekipaj tarkibida ham to‘rt kishi bo‘lganini ma’lum qilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining taqdiri hozircha noma’lum. Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda, ularda qayiqlar va suvosti qutqaruvchilari ishtirok etmoqda. Potomak – kengligi bir necha yuz metr va chuqurligi bir necha metr bo‘lgan yirik daryo.

AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga ko‘ra, Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti Kanzas shtatidagi Uichito shahridan Vashingtonga muntazam reysni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Kuzatuv kamerasidan olingan videoda  past parvoz qilayotgan samolyotning Ronald Reygan nomidagi aeroportga qo‘nishga urinayotgani, boshqa havo kemasi bilan to‘qnashuvi va shundan so‘ng portlash yuz bergani aks etgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, ikkinchi havo kemasi harbiy Sikorsky H-60 vertolyoti bo‘lgan. “Reuters” vertolyot bortida uch nafar harbiy bo‘lganini xabar qilmoqda. Ularning taqdiri haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Ronald Reygan nomidagi aeroport Oq uy va Kapitoliydan taxminan to‘rt kilometr janubda joylashgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp qisqa bayonot bilan chiqib, halokat va qutqaruv operatsiyasi haqida barcha ma’lumotlarni olayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning Kimxe shahridan Gonkong shahriga uchayotgan Air Busan samolyoti parvozdan bir necha daqiqa oldin yonib ketgan edi. Samolyot bortida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bilan birga 176 kishi bo‘lgan. Yong‘inning dastlabki daqiqalarida odamlarning hammasi shishiriladigan trap yordamida evakuatsiya qilingan. Yengil jarohatlar olgan yetti kishidan tashqari jiddiy qurbonlar bo‘lmagan.


Maqola muallifi

Teglar

vertolyot Vashington yo'lovchi samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing