Vaksina olgan talabalarga chegirma berish muddati uzaytirildi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2021
78742021/2022 o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan (superkontrakt) to‘lov shartnoma asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etildi. Shuningdek, koronavirusga qarshi emlangan talabalarga chegirma berish muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021/2022 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilmagan, biroq tabaqalashtirilgan to‘lov shartnoma asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etilgan.
To‘lovlarni amalga oshirish muddati joriy yilning 20 noyabriga qadar etib belgilandi. Bunda, to‘lovning 50 foizi amalga oshirilgan taqdirda abituriyentni talabalikka tavsiya etish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i rasmiylashtiriladi.
Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar t-kontrakt.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda yoki o‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim muassasasiga bevosita murojaat qilgan holda to‘lov kontrakt-shartnomasini rasmiylashtirishi mumkin.
Shuningdek, koronavirusga qarshi emlangan talabalarga chegirma berish muddati uzaytirildi.
Endilikda, 15 noyabrga qadar koronavirusga qarshi vaksina olgan talabalarga ham stipendiyasiz bazaviy to‘lov shartnoma summasiga bir martalik 10 foiz chegirma bonusi beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 iyundagi PQ–5157-son qarorining 7-bandiga ko‘ra belgilangan tartibga muvofiq, talabalar o‘qishini ko‘chirish (ko‘chirib tiklash), shuningdek, abituriyentlarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga bakalavriatga talabalikka tavsiya etishda 2021/2022 o‘quv yili uchun tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlari qo‘llanilishi hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) abituriyentlar va talabalarga belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga bir martalik 10 foiz chegirma (bonus) berilishi belgilangan.
LiveBarchasi