“Vagner” rahbarlarining oilalariga tahdid bo‘lgani uchun Prigojin isyonni to‘xtatgan – “The Telegraph”
Olam
−
26 iyun 2023
29202Buyuk Britaniya razvedkasi Yevgeniy Prigojin 24 iyun kungi isyonni Moskvaga yetmay to‘xtatishiga Rossiya Federal xavfsizlik xizmati agentlari “Vagner” rahbarlarining oilalariga tahdid qilgani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda “The Telegraph” nashri Britaniya razvedkasiga aloqador manbalariga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prigojin “adolat yurishi”ni to‘xtatishidan avval FXX agentlari “Vagner” rahbarlariga oilalariga zarar yetkazish bilan tahdid qilgan.
Shuningdek, Prigojinning yurishida qatnashgan yollanma harbiylar u da’vo qilganidek 25 ming emas, atigi 8 ming atrofida bo‘lgani va poytaxtni egallashga qaratilgan har qanday urinish mag‘lubiyat bilan tugashi mumkinligi aytilgan.
Nashr manbasiga ko‘ra, endilikda Putin “Vagner”ni Rossiya Mudofaa vazirligiga qo‘shib yuborishga, uning rahbarlarini esa yo‘q qilishga urinadi.
Kreml va “Vagner” rahbari o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartlari hozircha noma’lum. Shuningdek, Putin kelishuv bo‘yicha Sergey Shoyguni lavozimidan ozod qilishi ham aniq emas.
Prigojin Moskvaga bormasligini e’lon qilganidan buyon haligacha biror marta ko‘rinish bermagani ham ba’zi shubhalarni yuzaga chiqaradi. Kecha, 25 iyun kuni Kreml tashviqotchisi Andrey Gurulyov Prigojin va yana bir taniqli Vagner arbobi qatl etilishidan boshqa chora yo‘qligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Putin ham isyon kuni chiqish qilganidan buyon hali ommaga ko‘rinish bermadi. Kecha uning “maxsus operatsiya” bo‘yicha oldindan yozib olingan videosi Rossiya davlat televideniyesida namoyish etildi.
Mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa Prigojinning Moskvaga yurishidan buyon ilk marta chiqish qildi. U Ukrainadagi G‘arbiy kuchlar guruhi birlashmalaridan birining qo‘mondonlik punktini ko‘zdan kechirgani aks etgan videolavha mamlakat Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina tomoni Rossiyadagi tartibsizliklardan foydalanib, Donbassdagi harbiy harakatlarni kuchaytirgan. AQSH esa Kremlga qarshi harbiy to‘ntarish oqibatida yadroviy arsenal ustidan nazorat qo‘ldan chiqib ketishidan xavotirlangan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab olgandi. Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini ogohlantirdi.