Vabodan o‘lgani aytilgan ayolning rasmiy tashxisi e’lon qilindi
Olam
−
08:59 5460 1 daqiqa
Rospotrebnadzor Irkutsk viloyatidagi vaboga qarshi institutning halok bo‘lgan xodimasi tashxisi bo‘yicha bayonot berdi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u pnevmoniyadan vafot etgan.
TASSning Rospotrebnadzorga tayanib xabar berishicha, Sibir va Uzoq Sharq Irkutsk o‘latga qarshi institutining halok bo‘lgan xodimasida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya aniqlangan.
Idoraning aniqlik kiritishicha, kengaytirilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bemordan olingan namunada uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar topilmagan.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, Rospotrebnadzor, shuningdek, Irkutsk o‘latga qarshi instituti xodimasi bilan muloqotda bo‘lganlarning hech birida infeksiya bilan bog‘liq salomatlik o‘zgarishlari aniqlanmaganini bildirgan.
“Muloqotda bo‘lganlarning hech birida infeksion patologiya bilan bog‘liq salomatlik holatida o‘zgarishlar aniqlanmadi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, institutda patogen mikroorganizmlar bilan ishlashda hech qanday avariya holatlari qayd etilmagani ma’lum qilingan. Tekshiruv, shuningdek, halok bo‘lgan xodima bilan muloqotda bo‘lgan institut xodimlarida hech qanday patologiyalarni aniqlamagan.
“COVID-19 ning ikkita va rinovirus infeksiyasining ikkita holati aniqlandi, boshqa infeksion kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari topilmadi”, deb xabar beradi Rospotrebnadzor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAV Rossiyaning Irkutsk viloyatida 27 yoshli qiz vabo yuqtirgani gumon qilinib vafot etgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston chegarada nazoratni kuchaytirdi.