Va nihoyat! Erdo‘g‘an va Raisiy uchrashdi (foto, video)

Olam

image

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning chorshanba kuni Turkiyaga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida 10 ta hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu haqda Turkiya rahbari Raisiy bilan birga bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi.

“Biz Turkiya va Eron o‘rtasida energiya, turizm, madaniyat, savdo va kommunikatsiya sohalarini qamrab oluvchi 10 ta yangi shartnoma imzoladik”, degan Erdo‘g‘an.

Eron Prezidenti esa ikki davlat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard AQSH dollariga yetkazish niyatida ekanini, shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaror qilganini ochiqladi.

Kun avvalida Erdo‘g‘an va Raisiy ikki soat mobaynida yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazgan. Prezidentlar Turkiya-Eron Oliy darajali hamkorlik kengashining sakkizinchi yig‘ilishiga ham raislik qilgan.

Yig‘ilishda ikki yetakchi hamkorlik bitimlarini imzolab, terrorizm, qurol-yarog‘ kontrabandasi, giyohvandlik, chegaralarda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash va G‘azodagi inqirozni muhokama qilgan.

Ikki davlat rahbarlarining fikricha, Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlik va Qizil dengizdagi xavfsizlik vaziyati Isroil rasmiylarining harakatlari natijasidir.

Ular Isroilning G‘azoga g‘ayriinsoniy hujumlarini to‘xtatish, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurligini ta’kidlab, tomonlar mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida kelishib olgan.

“Falastin masalasi ham Turkiyani, ham Eronni katta tashvishga solmoqda”, degan Erdo‘g‘an o‘z nutqida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya va Eron birgalikda BMT tuzilmalari orqali falastinliklarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini davom ettiradi.

Eron rahbari Erdo‘g‘anga fors shoiri Hofiz Sheroziyning  kitobini hadya qilar ekan, kitobdan "Xotirjam bo‘l, zolim manzilga yetmas", mazmunidagi baytni o‘qigan Raisiy “Xudo xohlasa, sionistik rejim ham tugaydi”, deb qo‘shib qo‘ygan.

Eron Prezidenti AQSH Tel-Avivni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Isroilning G‘azodagi vahshiyliklari uchun ham javobgar ekanini aytib o‘tgan.

Matbuot anjumanida Kirmondagi portlashlarni yodga olgan Erdo‘g‘an bu xurujlarni qat’iy qoralashini bildirgan.

"3 yanvar kuni Kirmonda sodir bo‘lgan dahshatli terror hujumini qoralayman. Turkiya terrorizmga qarshi kurashda Eronni qo‘llab-quvvatlaydi”, degan u.

Turkiya rahbariga ko‘ra, rasmiy Anqara Eronda sanksiyalar bo‘hroni yog‘ilganda ham savdo-iqtisodiy aloqalarini to‘xtatmaydi. 

"Biz sanksiyalar tufayli qo‘shnimiz Eron bilan iqtisodiy va savdo aloqalarimizni to‘xtatganimiz yo‘q va to‘xtatmaymiz ham”, degan Erdo‘g‘an.

O‘z navbatida Raisiy Eron va Turkiya munosabatlari yaxshiligini, Tehron kelajakda ikki tomonlama aloqalarni yanada yuqori darajaga olib chiqish niyatidaligini tilga olgan.

“Terror G‘arbning qo‘llab-quvvatlashi bilan sodir bo‘ladi. Biz terrorga qarshi kurashda qat’iymiz. Bu masalada ikkilanish yo‘q. Turkiyaning xavfsizligi bizning xavfsizligimizdir”, degan Raisiy.

Bundan tashqari Anqaradagi uchrashuvda Ukrainadagi inqirozni diplomatik yo‘l bilan adolatli hal etish masalasi ham ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, Eron va Turkiya Ostona formatidagi hamkorlar sifatida Suriyada tinchlikni saqlashga intilishlarini ta’kidlagan va arab respublikasining hududiy yaxlitligi va suverenitetiga sodiqliklarini bildirgan.

Bundan tashqari, ular 2021 yilda Afg‘oniston hokimiyatiga kelgan “Tolibon” harakati rasmiylari bilan amaliy va konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni muhim deb hisoblagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Prezidentlar Janubiy Kavkaz va Iroqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Kavkaz mintaqasi davlatlarining hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurligini ta’kidlagan holda, ikki davlat "3+3" muloqoti mexanizmini a’zo davlatlar o‘rtasida maslahatlashuvlar va konstruktiv hamkorlik uchun qulay platforma sifatida baholagan.

Ma’lumot uchun, Turkiya tashabbusi bilan tashkil etilgan mintaqaviy platforma Janubiy Kavkazning uch davlati – Armaniston, Gruziya va Ozarbayjon hamda uch qo‘shni davlat – Rossiya, Eron va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Platforma doirasida uchta, ikkitasi Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida, uchinchisi Tashqi ishlar vazirlari darajasida bo‘lib o‘tgan. Gruziya bu uchrashuvlarning hech birida qatnashmagan.

Har ikki tomon Yamandagi vaziyatni ham muhokama qilar ekan, siyosiy yechim topish, bu mamlakatda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish, Yaman xalqiga zudlik bilan insonparvarlik yordami, jumladan oziq-ovqat va dori-darmonlar yuborish zarurligini bildirgan.

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Turkiyaga bir kunlik rasmiy tashrifdan so‘ng, bugun sahar soatlarida Tehronga qaytib keldi.

Eslatib o‘tamiz, Eron rahbarining safari ikki marta, avval BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishi tufayli, keyinroq esa, general Qosim Sulaymoniy vafotining bir yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan dafn marosimida sodir etilgan terakt tufayli bekor qilingandi. Ammo “Asharq al-Awsat” gazetasining bildirishicha, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning Turkiyaga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilinishi mamlakat yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning xohishiga ko‘ra bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron Rajab Toyib Erdo'g'an Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing