Vetnam suv ostida qoldi. O‘nlab qurbonlar bor (video)

Olam

image

Vetnamda so‘nggi kunlarda kuzatilgan kuchli toshqin va ko‘chkilar oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar haftaning oxirida quruqlikka chiqishi kutilayotgan yana bir kuchli tayfun yaqinlashayotgani haqida ogohlantirgan. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, joriy yilning oktyabr oxiridan beri yog‘ayotgan rekord darajadagi yomg‘ir kutilmagan toshqinlar va vayronkor ko‘chkilarga sabab bo‘lgan. Xususan, qishloqlar suv ostida qolgan, uylar qulab tushgan va o‘n minglab odamlar boshpanasiz qolgan. Ko‘plab hududlar, jumladan Danang shahri elektr va aloqa tarmoqlaridan uzilgan. Kanallar, daryo qirg‘oqlari va dengiz bo‘ylari yemirilgan, bir necha milliy avtomagistrallar hanuz yopiq.

Vetnam Milliy gidrometeorologik markazi prognozlariga ko‘ra, 5 noyabrga borib, shamol tezligi 166 km/soatgacha yetishi mumkin. Bu yangi tayfun Filippin orollaridan o‘tib, Janubiy Xitoy dengiziga kirgach yuz beradi.

VN Express ma’lumotiga ko‘ra, UNESCO’ning jahon merosi ro‘yxatiga kirgan qadimiy Xoyan shahri suv ostida qolgan. Mahalliy yirik daryo 60 yildan beri kuzatilmagan darajada toshganidan so‘ng, aholi shahar ichida yog‘och qayiqlarda harakatlanmoqda.

“Bangkok Post” xabariga ko‘ra, joriy yilda Vetnam 12 ta yirik bo‘rondan zarar ko‘rgan, oqibatda 240 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, mamlakat iqtisodiyotiga yetgan zarar esa 53,8 trillion dongdan oshgan. Mutaxassislar 3000 kilometrlik qirg‘oq chizig‘i tufayli Vetnam siklonlarga juda zaifligini, iqlim o‘zgarishi esa bu xavfni yanada kuchaytirganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Karib dengizida ko‘tarilgan “Melissa” to‘foni mintaqada minglab aholining uyini vayron qilgani va kamida 30 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

V'etnam ko'chki toshqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing