O‘zJOKUda forma kiymagan 100 ga yaqin talaba darsga kiritilmadi (video)
Jamiyat
−
16 fevral 7041 2 daqiqa
Bugun, 16 fevral kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida (O‘zJOKU) forma kiymagan va darsga kech qolgan o‘nlab talabalar mashg‘ulotlarga kiritilmadi. Bu haqda ushbu universitet talabasi Bahodir Eliboyev o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bakalavr va magistratura bosqichida o‘qiyotgan qariyb 100 nafarga yaqin talaba darsga qo‘yilmagan.
Videoda universitetning birinchi bosqich magistranti Akmal Yo‘ldoshev galstuk taqmagani uchun darsga kiritilmaganini, bu ichki tartib-qoidalar bilan izohlanganini bildirgan. Talaba, shuningdek, bunday holatlar kredit to‘lashga sabab bo‘lib, qo‘shimcha xarajatlarga olib kelayotganini aytgan.
“Universitetda ta’lim olishim uchun ular menga xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun universitet bilan o‘rtamizda shartnoma tuzilgan. Pul to‘laganman. Men xonada o‘tirib o‘qituvchidan dars olishim kerak, bu bilim baholanishi va oxirida diplom berilishi kerak. Shu ikki munosabat bor. Hozir qandaydir ichki tartib qoida deya mening iste’molchilik, ma’naviy va talabalik huquqlarim buzilyapti”, degan Akmal Yo‘ldoshev.
O‘zJOKU dekani Oysha Zokirova vaziyatga munosabat bildirib, oliygoh imiji, akademik muhit va tartib uchun mas’ul ekanini qayd etgan. U ichki tartib-qoidalarga rioya qilish muhimligini ta’kidlab, talabalarni universitet sha’niga putur yetkazmaslikka chaqirgan. Shuningdek, masalani ijtimoiy tarmoqlarda salbiy talqinda yoritish to‘g‘ri emasligini bildirgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning ma’lum qilishicha, ayrim oliy ta’lim muassasalari moliyaviy va akademik mustaqillikka ega. Shu bois ular o‘z ichki tartib-qoidalarini mustaqil belgilashi mumkin va talabalar ushbu qoidalarga amal qilishi tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ surishtiruvidan keyin Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalariga stipendiya to‘lab berilgandi.
Live
Barchasi