O‘zMU prorektori ayol kishini haqorat qilayotgani aks etgan video tarqaldi
3-sahifa
−
04 Oktabr 2023
12581Ijtimoiy tarmoqlarda “Milliy universitet prorektori talabaning onasini haqoratladi” nomli video tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti bilan bog‘landi.
Universitet matbuot kotibi Ilhom Xudoynazarov mazkur holat joriy yilning sentyabr oyi birinchi haftaligida ro‘y berganini ma’lum qildi. U hozirgi vaziyatda buni “axborot xuruji” deb hisoblashini bildirdi.
“O‘zMU prorektoriga nisbatan dezinformatsiya (yolg‘on axborot tarqatish), manipulyatsiya – voqelikni noto‘g‘ri idrok qilish orqali soxta, yolg‘on tushuncha yoki tasavvur hosil qilish, tuxmat (bo‘hton) – biror ob’ektni obro‘sizlantirish, sha’nini bulg‘ash maqsadida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish, diskreditatsiya (obro‘sizlantirish) – omma orasida rahbar shaxs obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilgan”, deydi Xudoynazarov.
Matbuot kotibining aytishicha, real holat butunlay boshqacha bo‘lgan. Prorektor murojaatchi ayol bilan o‘z xizmat xonasida yarim soat vaqt mobaynida suhbatlashib, unga universitetning kechki ta’lim bosqichida tahsil oluvchilar uchun talabalar turar joyidan o‘rin ajratilmasligi, chunki universitetda yotoqxona faqat kunduzgi ta’limda tahsil oluvchi talabalar uchun mo‘ljallangani haqida tushuntirish bergan va uning farzandiga ijara xonadoni taklif etgan.
“Lekin bu holatdan qoniqmagan ayol ketar chog‘ida universitet rahbariyati va prorektorni haqoratlab ketgan. Kurakda turmaydigan bu haqorat prorektorning nafsoniyatiga tekkan va u bunga o‘z munosabatini bildirgan. Shu vaziyatni murojaatchi yozib olgan va buni “prorektor meni haqorat qildi” degan ma’noda tarqatgan”, deydi Xudoynazarov.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ko‘rinadiki, ayol prorektorni “mol” deb haqorat qilgan bo‘lishi mumkin. Prorektor ham bo‘sh kelmasdan ayolni “iflos” deb atagan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yoshlarga ta’lim-tarbiya berishi kerak bo‘lgan ikki shaxsning bir-birini lug‘atidagi “ajoyib so‘zlar” bilan siylashi talabalarga qanday o‘rnak bo‘lar ekan?
LiveBarchasi